TR  |  EN  |  RU
turkey turkey   azerbaijan kazakhstan kyrgyzstan turkmenistan uzbekistan kktc qha TAT BAŞQ
Ana Sayfa
Birlik Hakkında
Üye Haber Ajansları
Bildiri
Başkanın Mesajı
Tüzük
Haberler



Mirzo Ulug‘bek va jahon ilm-fani
O‘zA - 10.06.2009 - Samarqand shahrida “Mirzo Ulug‘bekning jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasi” mavzuida xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Samarqand shahrida o‘tgan “Mirzo Ulug‘bekning jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasi” mavzuidagi xalqaro ilmiy konferensiya ulug‘ allomaning ilmiy va ma’naviy merosini chuqur o‘rganishga bag‘ishlandi.
Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning tashabbusi bilan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Tashqi ishlar vazirligi, YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi, YUNESKOning Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti, Samarqand viloyati hokimligi tomonidan tashkil etildi. Unda mamlakatimiz va Fransiya, Italiya, Rossiya, Turkiya, Yaponiya, Xitoy, Eron, Hindiston, Bangladesh, Ozarboyjon singari xorijiy davlatlarning yetakchi olimlari, yurtimizda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Xalqaro ilmiy konferensiyani O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti SH.Solihov ochdi. Tadbirda o‘zbek xalqining boy davlatchilik tarixi, ulkan ilmiy va madaniy merosi xususida so‘z yuritildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2009 yilni «Xalqaro astronomiya yili» deb e’lon qilgani, bu fan rivojida buyuk o‘zbek qomusiy olimi Mirzo Ulug‘bekning benazir hissasi borligi alohida ta’kidlandi.
Har bir xalqning ma’naviy qiyofasini uning tarixi, milliy salohiyati, urf-odat va an’analari belgilaydi. Bu borada yuksak ilmiy merosning o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.
Sharq va G‘arbni o‘zaro bog‘lagan, Buyuk ipak yo‘lidagi turli sivilizatsiyalar tutashadigan muhim chorraha sanalgan qadim va betakror yurtimiz azaldan olimu ulamolari, fozilu fuzalolari, shoiru shuarolari bilan dovruq qozongan. Ona zaminimizda tug‘ilib, kamolga yetgan ulug‘ allomalar dunyoviy va diniy ilmlar taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shganlar.
Buyuk bobolarimiz tafakkuri va dahosi mahsuli bo‘lmish minglab asarlar, tarix, adabiyot, san’at, siyosat, axloq, falsafa, tibbiyot, matematika, kimyo, astronomiya, me’morlik, dehqonchilik va boshqa sohalarga oid noyob qo‘lyozmalar bizning bebaho ma’naviy boyligimizdir. Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, bunday boy merosga ega bo‘lgan xalq dunyoda kamdan-kam topiladi.
O‘nlik sanoq sistemasini, algoritm va algebra tushunchalarini dunyoda birinchi bo‘lib ilm-fan sohasiga joriy etgan Muhammad Muso Xorazmiy, Yevropada Al-Fraganus nomi bilan mashhur bo‘lgan Ahmad Farg‘oniy, qomusiy tafakkur sohibi Abu Rayhon Beruniy, meditsina fanining otasi sanalgan Abu Ali ibn Sino, arab tili grammatikasini mukammal tarzda ishlab chiqqan Mahmud Zamahshariy, o‘zida mingdan ziyod yulduzlar harakatini jamlagan astronomik jadval yaratgan Mirzo Ulug‘bek singari dunyo ahlini hayratga solgan ulug‘ mutafakkirlarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Bunday yuksak iftixor tuyg‘usi bizni hech kimdan kam bo‘lmagan xalq sifatida iftixor bilan yashashga, ajdodlarga munosib avlod bo‘lishga da’vat etadi.
Mirzo Ulug‘bekning umumbashariy qadriyatlarga qo‘shgan hissasi beqiyos bo‘lib, u bugungi kunda ham hayotimizda ulkan ahamiyat kasb etmoqda va O‘zbekistonning xalqaro obro‘sini oshirish yo‘lida katta xizmat qilmoqda, deb ta’kidlaydi Prezidentimiz. Buyuk ajdodimiz Ulug‘bek nomi berilgan ma’naviyat maskanlari, ko‘chalar va shaharlar juda ko‘p. Yurtimizda dunyoga ko‘z ochayotgan har o‘n chaqaloqning biriga ezgu niyat bilan Ulug‘bekning ismi berilayapti, deb aytsak, mubolag‘a bo‘lmaydi, degan edi.
1994 yilda Mirzo Ulug‘bekning 600 yillik tavalludi xalqaro miqyosda keng nishonlandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 1994 yil «Ulug‘bek yili» deb e’lon qilindi. Alloma yubileyi munosabati bilan Fransiya poytaxti Parij shahrida – YUNESKO qarorgohida bo‘lib o‘tgan xalqaro forumda ishtirok etgan mamlakatimiz olimlarining ilmiy ma’ruzalari dunyo hamjamiyati e’tiborini tortdi.
Mamlakatimizda istiqlol yillarida Ulug‘bek ilmiy merosini o‘rganish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Alloma yashagan davr, uning hayoti va faoliyati haqida yangi kitoblar, ilmiy maqolalar, badiiy asarlar yozilmoqda. Mirzo Ulug‘bekning «To‘rt ulus tarixi», «Ilmu nujum. Astralogiya» asarlari nashr etildi.
Tarixchi olim A.Ahmedovning «O‘rta asrlarning buyuk allomasi», «Ulug‘bek Muhammad Tarag‘ay», “Mirzo Ulug‘bek va uning «Tarixi arba ulus» asari haqida», U.Uvatov va F.Karimovning «Amir Temur va Ulug‘bek zamondoshlari xotirasida» kitoblari nashrdan chiqdi. Akademik B.Valixo‘jayevning «Mirzo Ulug‘bek davri madrasalari» risolasi o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
“Ulug‘bekning hayoti va ilmiy faoliyati xalqimiz ma’naviyatining poydevoriga qo‘yilgan tamal toshlaridan biri bo‘lib, yurtimizda bundan necha zamonlar oldin fundamental fanlarni rivojlantirishga qanchalik katta ahamiyat berilganini ko‘rsatadi. “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” deb nomlangan Ulug‘bek astronomik jadvali o‘rta asrlarda lotin tiliga tarjima qilinib, Yevropa olimlari orasida keng tarqalgani fikrimizning yaqqol isbotidir”, deb ta’kidlaydi davlatimiz rahbari o‘zining “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida.
Buyuk alloma yaratgan Samarqand ilmiy maktabi faqat oliy o‘quv yurtigina emas, o‘sha davrning akademiyasi edi. Bu ilmiy maktabda 200 dan ortiq olim faoliyat yuritgan. Ulug‘bek Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abul Abbos Javhariy, Xolid Marvarrudiy, Ahmad Marvaziy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy singari bobolarimizning ilmiy an’analarini davom ettirdi.
Sharq mamlakatlaridagi ilmiy an’analarga ko‘ra, falakiyot sohasida yaratilgan asarlar «Zij» deb atalgan va ular asosan jadvallardan iborat bo‘lgan. Ulug‘bek ilmiy merosining gultoji – uning «Zij»idir. «Ziji Ulug‘bek», «Ziji jadidi Ko‘ragoniy» nomlari bilan shuhrat qozongan bu asar falakiyot ilmining nazariy va amaliy masalalarini qamrab olgan durdona asardir.
«Zij» ikki bo‘limdan: keng muqaddima va 1018 sobita yulduzning o‘rni va holati aniqlab berilgan jadvallardan iborat. Muqaddimaning o‘zi to‘rt qismni tashkil qiladi. Birinchi qism taqvim masalalariga bag‘ishlangan. Bundan tashqari, ushbu qismda Turkiy muchal yillari haqidagi tushuncha ham mufassal bayon etilgan.
Muqaddimaning ikkinchi qismi 22 bobdan iborat. U asosan matematika va sferik astronomiya masalalariga bag‘ishlangan. Bu qismda yulduzlarning balandligi va ular o‘rtasidagi masofa, meridian chizig‘i, uzunlik va kenglikni o‘lchash yo‘llari ko‘rsatilgan. Uchinchi qismda Quyosh va Oyning harakati bayon qilingan. Quyosh va Oy tutilishining aniq vaqtlari va uni aniqlashning o‘tmishdagi va Ulug‘bek davridagi yo‘llari keng tahlil qilingan. Olim quyosh va oyning harakatini to‘g‘ri hisoblagan va bu hisob-kitob hozirgi hisob-kitobdan deyarli farq qilmaydi.
Ulug‘bek hisobi bo‘yicha yulduz yili 365 kun 6 soat 10 daqiqa 8 soniyani tashkil etadi. Bugungi kunda bir yulduz yili 365 kun 6 soat 9 daqiqa 6 soniyaga teng. Farq – 1 daqiqa 2 soniya, xolos.
“Bu haqda so‘z yuritar ekanmiz, beixtiyor 1996 yili Parijda YUNESKOning o‘sha paytdagi Bosh direktori Federiko Mayor janoblari bilan bo‘lgan bir suhbat yodimga tushadi, – deb yozadi Prezidentimiz “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida. – O‘shanda janob Mayor Ulug‘bekning ilmiy merosini yuksak baholab, uning yulduzlar harakatiga oid hisob-kitoblari bugungi kunda kompyuter yordamida tekshirib ko‘rilganda atigi bir necha daqiqaga farq qilishi aniqlandi, degan gapni aytib qoldi. Shunda men unga qarab, yo‘q janob Federiko Mayor, Ulug‘bek xato qilgan bo‘lishi mumkin emas, balki kompyuterlar xato qilgan bo‘lishi mumkin, degan edim”.
Darhaqiqat, dunyo ilm-faniga ulkan hissa qo‘shgan Ulug‘bek “Zij”i o‘rta asrlardayoq Osiyo va Yevropa mamlakatlariga keng kirib borgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, «Zij»ning yuzga yaqin forsiy va o‘n beshdan ortiq arabiy nusxasi mavjud. Yevropalik mashhur astronom olimlar uni lotin, fransuz, ingliz tillariga tarjima qilgan, sharhlar bitgan. O‘rta asrlarda yozilgan hech bir astronomik yoki matematik asar bunchalik ommaviy va keng ma’lum bo‘lmagan.
Konferensiyada so‘zga chiqqan xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar vakillari, olimlar Prezident Islom Karimov rahnamoligida milliy ma’naviyatimizni yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, buyuk alloma merosini o‘rganishdagi yutuqlar haqida, Ulug‘bekning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasi xususida gapirdilar.
YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Xorxe Espinal qadimiy Samarqandning insoniyat sivilizatsiyasida tutgan o‘rni va ahamiyati, Mirzo Ulug‘bekning dunyo ilm-faniga qo‘shgan ulkan hissasi haqida so‘z yuritdi. Ulug‘bek rahnamoligida bunyod etilgan rasadxona va madrasalar YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. U yaratgan ilmiy maktab Xorazm Ma’mun akademiyasi an’analarining uyg‘un davomchisi sifatida ulkan ahamiyatga ega. Bugungi kunda ham Samarqand madaniyatlararo muloqot va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga beqiyos hissa qo‘shmoqda.
Prezident Islom Karimovning barqaror taraqqiyotni ta’minlashga, jumladan, ilm-fan, madaniyat, ta’limni rivojlantirishga qaratilgan siyosati o‘zining yuksak samaralarini bermoqda. Yuksak ilmiy salohiyat, siyosiy barqarorlik, yoshlarga qaratilayotgan alohida e’tibor O‘zbekiston taraqqiyotining bosh omillaridandir. Prezident Islom Karimov rahnamoligida Samarqand shahrida YUNESKOning Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti tashkil etildi. Ulug‘bek maktabi an’analarini davom ettiradigan mazkur institut xalqaro ilmiy aloqalarni yanada rivojlantirishga, eng ilg‘or fan yutuqlarini targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Parijdagi Temuriylar jamiyati asoschisi, professor Frederika Bressan Mirzo Ulug‘bekning ilmiy va ijtimoiy faoliyatiga to‘xtaldi. Mirzo Ulug‘bek buyuk bobosi singari mamlakatda tinchlik o‘rnatdi, yurt farovonligiga alohida e’tibor qaratdi. Madrasa va masjidlar, rasadxona, ko‘prik va yo‘llar qurdirdi.
Xorijlik mehmonlar O‘zbekistonda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlariga yuqori baho berdi. Samarqand nafaqat ko‘hna, balki zamonaviy shahar, ilm-fan va sanoat markazi sifatida ham qadimiy an’analarini davom ettirmoqda. Mamlakatdagi osoyishtalik, xalqning farovon turmushi, odamlarning ochiq chehrasi, ertangi kunga ishonchi diqqatga sazovorligi qayd etildi.
Xalqaro anjumanda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining yetakchi ilmiy xodimi, professor A.Ahmedov, Astronomiya instituti direktori SH.Egamberdiyev va boshqalar Mirzo Ulug‘bekning jahon ilm-fani rivojida tutgan o‘rni, ilmiy merosini o‘rganishning yutuq va istiqbollari, Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida buyuk ajdodlarimiz merosini chuqur o‘rganish va targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi.
Xalqaro konferensiyada Mirzo Ulug‘bek davrida oliy ta’lim, madrasalar va ularda o‘qitish tizimi masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondlari hamda Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universiteti ilmiy kutubxonasida saqlanayotgan qadimgi qo‘lyozmalarga qaraganda, Samarqand madrasalarida matematika, mexanika, astronomiya, tibbiyot, falsafa singari dunyoviy fanlar, shuningdek, diniy fanlar keng o‘qitilgan. Mirzo Ulug‘bek madrasasida G‘iyosiddin Jamshid Koshiy, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi singari buyuk allomalar dars bergan.
Konferensiya doirasida Ulug‘bek madrasasida O‘zbekistonda ta’lim tarixiga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil qilindi. Unda ta’lim tarixi, Amir Temur va Mirzo Ulug‘bek davri, XIX-XX asrlardagi ta’lim haqidagi ekspozitsiyalar namoyish etildi. Bunda, ayniqsa, mamlakatimizda istiqlol yillarida ta’limni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga bag‘ishlangan stendlar katta qiziqish uyg‘otdi.
Anjuman o‘z ishini seksiya majlislarida davom ettirdi. Ularda Mirzo Ulug‘bekning olim va davlat arbobi sifatidagi faoliyatining barcha jihatlari, ilmiy merosini yanada chuqur o‘rganish imkoniyatlari batafsil muhokama qilindi.
Xalqaro ilmiy konferensiyaning ochilishida Samarqand viloyati hokimi O‘.Barnoyev ishtirok etdi.
 
  TKA 2008