TR  |  EN  |  RU
turkey turkey   azerbaijan kazakhstan kyrgyzstan turkmenistan uzbekistan kktc qha TAT BAŞQ
Ana Sayfa
Birlik Hakkında
Üye Haber Ajansları
Bildiri
Başkanın Mesajı
Tüzük
Haberler



Do‘stlik va qardoshlik ifodasi

O‘zA, 24.11.2008 18:55 
  Ozarboyjonning «Gartal» nashriyoti yaqinda adabiyotshunos olima Almaz Ulvining «Ozarboyjon-o‘zbek adabiy aloqalari» (davrlar, siymolar, janrlar, tamoyillar) kitobini chop etdi.

Mustaqillik yillarida O‘zbekiston va Ozarboyjon o‘rtasidagi aloqalar ko‘lami yanada kengaydi. Yurtboshimizning shu yil sentabr oyida Ozarboyjon Respublikasiga rasmiy tashrifi madaniy-ma’rifiy sohalardagi hamkorlik rivojida ham muhim qadam bo‘ldi.

Tili, madaniyati, an’ana va urf-odatlari bir-biriga yaqin bo‘lgan bu ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik, birodarlik ko‘p asrlik tarixga ega. Bu tarixiy manbalarda, og‘zaki va yozma adabiyot namunalarida o‘z aksini topgan. Xususan, xalq og‘zaki ijodida, doston va ertaklarda, maqol va matallarda ana shunday mushtarak jihatlarni yaqqol ko‘rish mumkin.

Mamlakatimizda ozarboyjon adabiyoti va san’atiga qiziqish katta bo‘lganidek, Ozarboyjonda ham xalqimizning boy va betakror madaniyatiga alohida ehtirom bilan qaraladi. Xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy aloqalar ko‘plab olim va mutaxassislar uchun tadqiqot mavzui bo‘lib kelmoqda.

Filologiya fanlari nomzodi Almaz Ulvi ham ko‘p yillardan beri ana shu yo‘nalishda ilmiy izlanishlar olib boradi. Bu mavzuda ko‘plab risola va ilmiy maqolalari chop etilgan. Uning «Ozarboyjon-o‘zbek adabiy aloqalari» asarida xalqlarimizning folklor, mumtoz va zamonaviy adabiyotidagi o‘xshash jihatlar, adabiy-madaniy sohadagi aloqalarning tarixi, bugungi kuni va istiqbollari, bu borada soha mutaxassislari oldida turgan muhim vazifalar xususida fikr yuritilgan.

Jumladan, kitobdan o‘rin olgan «Hazrat Alisher Navoiy hayoti va ijodiga chizgilar», «Ozarboyjonda Navoiy merosining o‘rganilishi», «O‘zbek adabiyoti va adabiyotshunosligida Nizomiy, Nasimiy va Fuzuliy an’analari», «O‘zbek she’riyati ozarboyjon tilida» singari maqolalarida yangicha qarashlar, qimmatli ma’lumotlar aks etgan.

Kitobda Cho‘lpon, G‘afur G‘ulom, Maqsud Shayxzoda singari XX asr o‘zbek adabiyoti namoyandalarining ijodiy faoliyati, ularning ikki xalq madaniy aloqalari rivojiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, teatr va dramaturgiya sohasidagi hamkorlik masalalari ham keng yoritilgan.

Muallif o‘z asarida istiqlol yillarida ikki qardosh xalq o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlik, do‘stona munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilganini qayd etib, so‘nggi yillarda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ibratli ishlar haqida batafsil to‘xtalib o‘tadi.

 
  TKA 2008