TR  |  EN  |  RU
turkey turkey   azerbaijan kazakhstan kyrgyzstan turkmenistan uzbekistan kktc qha TAT BAŞQ
Ana Sayfa
Birlik Hakkında
Üye Haber Ajansları
Bildiri
Başkanın Mesajı
Tüzük
Haberler



Özbekistan
“O'zbekkino” agentligining ijodiy konferensiyasi
O'zA, 13.03.2009  Respublika Kinochilar uyida “O’zbekkino” milliy agentligi tomonidan 2008 yilda davlat buyurtmasi asosida suratga olingan filmlar bo’yicha ijodiy konferensiya bo’lib o’tdi. Unda rejissyorlar, san’atshunoslar, aktyorlar, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
“O’zbekkino” milliy agentligi bosh direktori vazifasini bajaruvchi A.Is’hoqov, Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti o’qituvchisi, kinoshunos Sh.Eshonboboyeva, san’atshunoslik fanlari nomzodi S.Hayitmatova va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida san’atning barcha turlari kabi milliy kino sohasini izchil rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladilar. Davlatimiz rahbarining 2004 yil 16 martda qabul qilingan “Kinematografiya sohasida boshqarishni takomillashtirish to’g‘risida”gi farmoni bu borada muhim omil bo’lib xizmat qilmoqda.
Ayni paytda yurtimizda kechayotgan o’zgarishlar, qo’lga kiritilayotgan yutuqlarni, milliy istiqlol g’oyasining mazmun-mohiyatini kino san’ati vositasida badiiy aks ettirish, kinematografiya sohasining xalqimiz hayotidagi, ayniqsa navqiron avlod tarbiyasidagi o’rni va ahamiyatini kuchaytirish, g’oyaviy-badiiy saviyasini oshirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning yuqorida nomi keltirilgan farmoni asosida “O’zbekkino” milliy agentligi tomonidan kinematografiya sohasida faoliyat ko’rsatayotgan korxona va kinostudiyalarni, ijodiy jamoalarni qo’llab-quvvatlash, kinofilmlar yaratish va ularni namoyish etish tizimini tanlovlar o’tkazish orqali tashkil etish borasida qilinayotgan ishlar shular jumlasidandir.
Milliy kino san’atining eng yaxshi an’analari asosida dolzarb mavzularda qator filmlar yaratildi. Yozuvchi Erkin A’zam ssenariysi bo’yicha yaratilgan rejissyor Jahongir Qosimovning “Suv yoqalab”, Nozim Abbosovning “Oydinoy”, Zulfiqor Musoqovning “Oy ostidagi hovli”, Yolqin To’ychiyevning “Sukunat”, Tohir Malik asari asosida suratga olingan Yodgor Sa’diyev va Ayub Shahobiddinovning “Iblis devori” kabi badiiy filmlari, Mavzur Mahmudovning “Shodmon polvon”, Dmitriy Vlasovning “Yuz qop qor”, Svetlana Murodxo’jayevaning “Suv qaytargan bolalar” kabi multiplikatsion filmlari mutaxassis va tomoshabinlarga manzur bo’ldi.
Anjumanda yoshlarni turli yot va zararli ta’sirlardan himoyalashda kino san’atining o’rni va ahamiyatini yanada oshirish, yaratilayotgan badiiy, hujjatli va multfilmlarda milliy istiqlol g’oyasining mazmun-mohiyatini teran aks ettirish, kinematografiyaning xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishdagi o’rni va ahamiyatini tobora kuchaytirishga oid ma’ruzalar tinglandi.
 
Ham shifo, ham go‘zallik baxsh etadi

O‘zA -  02.03.2009 - Toshkent qadimdan o‘zining mo‘tadil havosi, xushmanzara tabiati bilan mashhur bo‘lgan. Shahar sersuv ariq va soylari, bog‘-rog‘lari bilan alohida ajralib turgan.
Ko‘hna Shoshning sersuv soylari, go‘zal tabiati, so‘lim iqlimi ko‘plab tarixiy asarlar, sayohatnomalarda, shoirlar she’rlarida tavsif etilgan. Xususan, Zayniddin Vosifiy “Badoye’ul vaqoye’” (“Nodir voqealar”) asarida Toshkentni alohida mehr bilan tasvirlaydi: “…Suv to‘la hovuzlari safo chashmasidan nusxadir: oynadek toza suvi daraxtlar va qushlar suratlaridan tasvirli sahifaga o‘xshab ketardi… “
Tarixchilarning yozishicha, vohada shaharsozlik madaniyatining shakllanishi, o‘lkaning obodonlashishiga ham dehqonchilik rivoji va sersuv ariqlarning ko‘pligi muhim omil bo‘lgan. Akademik Yahyo G‘ulomovning tashabbusi bilan 1966 yilda tashkil qilingan Toshkent arxeologik guruhining tadqiqotlariga ko‘ra, bundan uch ming yillar ilgari ajdodlarimiz Chirchiq daryosini to‘sib, ketmon bilan ariq qazib Toshkentga suv olib kelgan. Toshkent atrofidan oqib o‘tuvchi daryo va soylar nomi Beruniy asarlarida, Firdavsiyning “Shohnoma“si va boshqa tarixiy manbalarda ko‘p bor qayd etilgan.
Tyanshan tog‘larining quyi qismidan oqib keluvchi Chirchiq daryosining o‘ng sohilidagi Bo‘zsuv kanali Toshkentni suv bilan ta’minlaydi. Bo‘zsuvning asosiy irmoqlari bo‘lgan Anhor, Qorasuv, Kaykovus, Salor, Bo‘rijar kabi kanallar butun shahar bo‘ylab suvni taqsimlagan. Zaxariq, Chovli, Jo‘nariq, Darxon kabi qadimiy ariqlar mahallalar o‘rtasidan o‘tib aholini suv bilan ta’minlagan.
– Ma’lumotlarga qaraganda Bo‘zsuv suvi saksonga yaqin ariqlar orqali mahallalarga tarqalgan, – deydi tarix fanlari nomzodi Xayriya Bo‘riyeva. – Mazmun jihatidan ularning nomlari turlichadir. Xususan, Jar, Tolariq nomlari hududning tabiati bilan bog‘liq bo‘lsa, Shayxontohur, Yusuf Alixo‘ja kabi ariqlar shu yerda yashab o‘tgan shaxslar nomini olgan. Masalan, “Shayxontohur” gidronimining paydo bo‘lishi XIV asrda yashagan Shayx Xovandi Tohur ismi bilan bog‘liq. Shaharning aksariyat ariqlari oqib o‘tgan joy va mahallalar nomi bilan atalgan. Beshyog‘och, Chorsu, Registon, Darxon, Oqqo‘rg‘on, Oqtepa, Chuvalachi, Rakat kabi ariqlar shular jumlasidandir.
Qadimshunoslarning ma’lumot berishicha, mazkur ariqlardan oqadigan suv tabiiy sofligi, tiniqligi hamda xushta’mligi bilan alohida ajralib turgan. Xususan, Zayniddin Vosifiyning yuqorida eslatilgan asarida bunday misralar keltiriladi:

Top-toza ziloldek Parak daryosi,
Salsabil nahriga monand qiyosi…

Toshkent mahallalarining deyarli barchasida oqar suvli hovuz bo‘lgani ham shaharning sersuvligidan darak beradi. Tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, shaharda besh yuzdan ko‘proq hovuz bo‘lgan. Hozirgacha saqlanib qolgan Katta hovuz, Hovuzbog‘, Langar hovuz kabi atamalar ham buning dalilidir. Hovuzlar suv ta’minotini yaxshilash bilan birga, jazirama yoz pallasida shahar havosini mo‘tadillashtirishga, o‘ziga xos mikroiqlim yaratishga xizmat qilgan.
Toshkent ariqlaridan oqayotgan zilol suvdan tashqari o‘tgan asrning elliginchi yillarida shaharda yana bir ne’mat kashf etildi. Toshkent shahri va uning atrofida shifobaxsh ma’danli suv buloqlari ochildi. Toshkent ma’danli suvi o‘zining chanqovbosdi xususiyati hamda ko‘plab kasalliklarga shifoligi bilan alohida ahamiyatga ega. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qariyb 3000 metr chuqurlikdan chiqadigan ushbu suv tarkibida inson salomatligi uchun zarur xlorli natriy, magniy va kalsiy kabi ko‘plab elementlar mavjud. “Chinobod”, “Turon”, “Botanika”, “Chotqol” kabi shifo maskanlarida bu suvdan keng foydalanilmoqda.
– Toshkent ma’danli suvining shifobaxshligi haroratining yuqoriligi va tarkibi kremniy kislotaga boyligida, – deydi “Chinobod” sanatoriysi boshqaruvi raisining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Ravshan Ergashev. – Davolash uchun foydalaniladigan ushbu ma’danli suv insonning ovqat hazm qilish tizimini yaxshilaydi, oshqozon-ichak kasalliklariga ijobiy ta’sir qiladi va organizmdagi bio-kimyoviy jarayonlar, suv-tuz almashinuvini faollashtiradi. Suvning turli haroratda bo‘lishi o‘ziga xos tarzda yurak faoliyatini yaxshilaydi, asab tolalari qo‘zg‘aluvchanligi, suyak to‘qimasining o‘sishi va hujayralarning infeksiyalarga chidamliligini kuchaytiradi.
Shahar ahlida suvga bo‘lgan e’tibor qadimdan shakllangan. Zero, xalqimizda azaldan suv muqaddas sanalib, unga tuflash, axlat tashlash katta gunoh hisoblanadi. Shu bois ham shahar ariqlaridagi suv ekologik toza va uni yilning har qanday faslida ichish mutlaqo xavfsiz bo‘lgan. Sho‘ro zamonida ariqlarga e’tibor susaydi, ulardan oqayotgan suv o‘zining ekologik sofligini yo‘qota boshladi. Ko‘plab ariqlar yo‘qoldi. Ayniqsa, o‘tgan asrning 60-70 yillarida shahardagi bog‘-rog‘lar bilan burkangan ko‘plab maskanlarni buzib, beton va asfalt qoplangan maydonlarga aylantirish avj oldi. Yangi yo‘llar qurishda suv yo‘li hisobga olinmaganligi sababli qor va yomg‘irli kunlarda shahar ko‘chalari suv bilan to‘lib qolganini nuroniylarimiz yaxshi eslaydilar.
Mustaqillik yillarida Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan poytaxtimizda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik va obodonchilik ishlari samarasi o‘laroq, Toshkentning ekologik sog‘lom muhiti qayta tiklandi. Suv yo‘llari ta’mirlandi, yangi qurilayotgan har bir yo‘l chetida maxsus ariqlar barpo etilib, shahar haroratini sun’iy ravishda oshiradigan beton va asfalt maydonlar o‘rnida yam-yashil, so‘lim xiyobonlar barpo etildi. Shaharda tabiiy va mikroiqlim yaratildi.
Shahar havosining mo‘tadilligini ta’minlashda favvoralarning ahamiyati beqiyos. Chunonchi, bugun Toshkent shahri ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turgan yuzga yaqin katta-kichik favvora shu aziz ne’mat – suv serobligining natijasidir. Prezidentimiz rahnamoligida shaharni obodonlashtirish va ekologik holatini yaxshilash jarayonida murakkab muhandislik ishi asosida ko‘plab yangi favvoralar qurildi, ularning shakl-shamoyili ham sharqona uslubda, milliy an’analarimizga xos tarzda yangilandi. Bugun turli rangdagi favvoralar shahar ahli hamda poytaxtimiz mehmonlari dilini yayratib, ko‘zini quvontiradi.
…Yangilanish fasli kirib kelgan shu kunlarda azim poytaxtimiz yanada o‘zgacha ko‘rku tarovat kasb etmoqda. Keng, ravon va ozoda yo‘llar, salqin va so‘lim go‘shalar hamisha odamlar bilan gavjum. Turli dov-daraxtlar, yam-yashil xiyobonlar har qanday kishining bahri dilini ochadi. Katta to‘yga qadar azim poytaxtimiz husni jamoli yanada ko‘rkamlashib borishiga hech qanday shubha yo‘q.

 
O‘zbekiston va Turkmaniston prezidentlarining muzokarasi nihoyasiga yetdi

O‘zA, 25.02.2009 - Do‘rmon qarorgohida O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlarining muzokarasi nihoyasiga yetdi. Uning yakunida ikki mamlakat Prezidentlarining Qo‘shma bayonoti qabul qilindi. O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida bir qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.
Islom Karimov va Gurbanguli Berdimuhamedov ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashdilar. Prezidentlar muzokaralar ochiq, o‘zaro ishonch va hurmat ruhida, ishchan kayfiyatda o‘tganini, erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlarini yanada rivojlantirishga, ikki mamlakat xalqlari manfaatlariga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Ikki tomonlama munosabatlarga doir masalalar, ko‘rib chiqilgan xalqaro va mintaqaviy muammolar borasida O‘zbekiston va Turkmaniston rahbarlarining nuqtai nazari o‘xshash va yaqin ekanligi qayd etildi.

 
Turkmaniston Prezidentining O‘zbekistonga tashrifiga doir

20.02.2009 6:34
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Turkmaniston Prezidenti Gurbonguli Berdimuhammedov 24-25 fevral kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ladi.
Tashrif chog‘ida O‘zbekiston-Turkmaniston hamkorligini rivojlantirish va kengaytirish masalalari, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb muammolar muhokama qilinadi.
Muzokaralar yakunida ikki davlatning turli sohalardagi hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan ikki tomonlama hujjatlar imzolanishi rejalashtirilmoqda.

 
Yuksak fazilatlar sohibi
O‘zA -  12.02.2009 - Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan buyuk ajdodlarimiz merosini chuqur o‘rganish, xotirasini abadiylashtirish, asarlarida ilgari surilgan ezgu g‘oyalarni keng targ‘ib etish borasida ulkan ishlar qilinmoqda. Jumladan, Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti, ijodi va faoliyatini chuqur tadqiq etish, asarlarini xalqimizga asl holicha yetkazish va kelajak avlodlarga yetishini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Zahiriddin Muhammad Boburning betakror va nafis she’riyati, Sharq xalqlarining turmush tarzi, urf-odatlari, tabiati va qadriyatlari haqida mufassal ma’lumot beruvchi “Boburnoma” va boshqa asarlarida o‘z ifodasini topgan ezgu g‘oyalar insoniyatni asrlar osha komillikka va o‘zaro hamjihatlikka chorlab kelmoqda.
“Boburnoma” muhim qomusiy manba sifatida nafaqat mamlakatimiz, balki jahon adabiyotining ham nodir namunalaridandir.
Asar buyuk allomaning shuhrati, shaxsi, yuksak insoniy fazilatlari xususida ma’lumot berishi bilan ham ahamiyatlidir. Asarni ko‘chirgan noma’lum kotibning asar muallifiga bergan xolisona bahosi e’tiborga molik. Unda “va maholdurkim, ul podshohi qobilning yaxshilig‘larini aytgan bilan va bitgan bilan tugangay. Lekin, mujammal bukim, sekkiz sifati asil aning zotig‘a mutassil edi: birisi bukim, najhati baland edi; ikkimchisi, himmati arjumand edi; uchumchisi, viloyat olmog‘; to‘rtumchisi viloyat saxlamog‘; beshumchisi, ma’murlug‘; oltimchisi, rafohiyat niyati Tengri taolo bandalarig‘a; yettimchisi, cherikni ko‘ngli(ni) qo‘lg‘a olmoq; sekkizimchisi, adolat qilmoq” deb zikr etilgan.
Boburga berilgan bu qisqa, ammo mazmunan keng bahodan to‘rttasi insonga mehr ko‘rsatish, halol va sadoqat bilan yashashga qaratilgani, ayniqsa, diqqatga sazovordir.
Shaxsning ruhiyati va xarakteridagi xususiyatlar irsiyat orqali ko‘proq namoyon bo‘lishi fanda isbotlangan. Boburdagi muruvvat va saxovatmandlik xislati otasi Umar Shayx Mirzodan yuqqan. Boburning nazarida Umar Shayx buyuk sarkarda, davlat arbobi bo‘lmasa ham, pok siyratli, birovning haqqiga xiyonat etmaydigan, saxovatpesha shaxs bo‘lgan: “Adolati bu martabada ediki, Xitoy karvoni keladurganda Andijonning sharqiy tarafidag‘i tog‘larning tubida ming o‘yluq karvonni, andog‘ qor bostikim, ikki kishi qutuldi. Xabar topib, muhassislar yiborib, karvonning jam’i jihotini zabt qildi. Har chandikim vorisi hozir yo‘q erdi, bovujudi ehtiyot saxlab, bir yil, ikki yildin so‘ngra Samarqand va Xurosondin vorislarini tilab kelturub, mollarini solim topshurdi”.
Boburda ham halollik, birovning moliga xiyonat qilmaslik odat bo‘lgan. U Afg‘onistonda hukmronlik qilgan paytida Istalif degan joyda sayr qilib yurib, bir boqqa ko‘zi tushadi va bu bog‘ tarixini surishtirganida bir vaqtlar amakisi Ulug‘bek Mirzoga tegishli bog‘ligi ma’lum bo‘ladi. Bobur hukmdor sifatida bemalol temuriylarga taalluqli bo‘lgan bu maskanni tortib olishi ham mumkin edi. Biroq u boqqa qiymatidan ancha yuqori haq berib, egasini rozi qilib, keyin o‘z mulkiga aylantiradi.
Bir safar Bobur o‘zining safdoshlari bilan Hirotdan Kobulga qarab yo‘lga chiqadi. Qish payti tugul, yozda ham o‘tish mushkul Hindikush dovonida qorning qalinligidan otda yurish qiyin kechadi. Sovuqning zarbi ham juda qattiq. Ana shunday sharoitda u o‘zining oddiy askarlari, beklari bilan bu mashaqqatni baham ko‘radi – o‘zi qor kuraydi, sovuqning shiddatiga qaramasdan safdoshlari qatori ular bilan birga ayozda tong ottiradi.
U sarkarda sifatida ham, inson sifatida ham sharoitni odilona baholaydi. Avvalambor, bunday qiyin vaziyatda odamlarga dalda berish, mehr-shafqat ko‘rsatishni birinchi navbatdagi burchi, deb biladi. Bobur bunday yozadi: “Ushbu dastur bila biz o‘n-o‘n besh-yigirma kishining otlari – o‘q ilgari tortildi, o‘zga tamom o‘bdon-o‘bdon yigitlar va bek otong‘onlar otlaridan ham tushmay, tayyor tepilgan va bosilg‘on yo‘lg‘a kirib, boshlarin qo‘yi solib kelurlar edi. Mahal ul emas edikim, kishig‘a taklif va zo‘re qililg‘ay, har kimning himmat va jur’ati bo‘lsa, bundoq ishlarni o‘zi tilab qilur”
Zahiriddin Muhammad Boburning odamiyligi insonlarga muruvvat va shafqati shunchalik keng bo‘lganki, bu uning ota sifatida o‘z farzandlari, farzand sifatida ota-onasi, sarkarda sifatida o‘z lashkari, beklari, oddiy fuqarolari, hatto shoh sifatida dushmanlariga ko‘rsatgan muruvvati misolida yaqqol namoyon bo‘ladi.
Bobur raqibi Ibrohim Lo‘diy ustidan zafar quchib, Hindistonni zabt etadi. Shunga qaramay o‘ziga qarshi kurashgan hind rojalari, saroy ahliga shafqat qiladi, mulklarini boshqarishni o‘zlariga qoldiradi.
Bobur Ibrohim Lo‘diyning o‘limidan ruhan qiynaladi, uni yuksak ehtirom bilan dafn etishni buyuradi. Ibrohim Lo‘diyning ota-onasiga mehribonlik va g‘amxo‘rlik ko‘rsatadi. Onasiga o‘z saroyidan joy ajratadi, mablag‘, xizmatkorlar tayinlaydi. Biroq, Boburning bu muruvvatiga qarshi ayol keyinchalik teskari ish ko‘radi. Boburni zaharlashni buyuradi va bu uning jiddiy xastaligiga sabab bo‘ladi.
Davron meni o‘tkardi saru somondin,
Oyirdi meni bir yo‘li xonumondin.
Gah boshima toj, gah baloyi ta’na,
Nelarki boshimg‘a kelmadi, davrondin?!
deganida, ehtimol, mehr ko‘rsatib, mehr topmaganidan afsuslangandir.
Umuman, Zahiriddin Muhammad Boburning kechirimliligi, bag‘rikengligi, insonlarga ko‘rsatgan yordami haqida yana ko‘plab misollar keltirish mumkin. Buyuk bobomiz nafaqat ulug‘ hukmdor, mohir sarkarda, shoir sifatida, balki shafqatli, mehr-muruvvatli inson sifatida ham barcha uchun hamisha ibrat bo‘lib qolaveradi.
 
<< Başlat < Önceki 1 2 3 4 Sonraki > Son >>

Sayfa 2 > 4
  TKA 2008